21-10-2019
O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari 2019 yil18 oktyabr' kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol'klori instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida “O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” mavzuida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiya “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov ochib berdi. O‘zR FA prezidenti B.Yuldashev tabrik so‘ziga chiqib, konferensiya ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid tilning millat rivojidagi o‘rni masalasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zR FA akademigi T.Mirzaev ham tabrik so‘z bilan chiqish qildi.
Mazkur konferensiya respublikadagi yetakchi tilshunos olimlar, o‘zbek tilini o‘qitayotgan pedagog kadrlar va tilshunoslikka endi qadam qo‘ygan yosh mutaxassislarni jamladi.
Konferensiya ishi yalpi majlis va sho‘'balar ko‘rinishida tashkil etildi. Unda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, o‘zbek tili vazifaviy uslublari taraqqiyoti, o‘zbek terminologiyasini tartibga solish muammolari, o‘zbek lug‘atchiligining taraqqiyot tamoyillari, o‘zbek shevalarining milliy-madaniy xususiyatlari, o‘zbek tili tarixi, o‘zbek badiiy uslubi rivojida shoir va yozuvchilarning o‘rni kabi masalalar muhokama qilindi.
Ma'lumot o‘rnida, “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi materiallari jamlanib, konferensiyaga qadar kitob holida nashr qilindi. To‘plamdan “Davlat tili haqida”gi Qonun moddalarining bajarilishi, zamonaviy o‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari, o‘zbek tili tarixi hamda o‘zbek tili ta'limiga oid maqolalar o‘rin olgan. Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili taraqqiyoti masalalarining yoritilishi kitobning ilmiy qiymatini belgilaydi.